**Bugun qo'rquv haqida gaplashamiz, do'stlar.
Ryan Holidayda oʻqigandim: “Hayotingni o'zgartirish uchun katta bilim emas, 20 soniyalik jasorat yetadi”, – deydi.
Biz qo'rqamiz, do'stlar. Oqibatini bilmaydigan ishlarimiz qo'rqitadi. Kelajakdan aniqlik xohlaymiz. Faqat taniydigan odamlarimiz bilan gaplashishda davom etamiz. Doimiy oylik keladigan ish xohlaymiz. Yangi sohaga o'tishga qo'rqamiz. Shuning uchun ham jasorat deb qo'rmaslikka aytilmaydi. Qo'rqib turgan bo'lsa ham boshlashga aytiladi.
Gapirish oson. Qo'rqmasdan boshlash deganda: o'zimda ham tajriba bo'lmay turib, pulini olib dars berishni boshlaganim, 4 ta o'quvchi bilan o'quv markaz ochganim, birinchi marta kameraga gapirganim, blogimdagi birinchi postimni yozganim, birorta mijozim bo'lmasidan, milliard so'mlik ijaraga kelishayotganim esimga keladi. Bu va shunga o'xshash qarorlarning hammasida qo'rquv o'tgandi.
Ko'p foydali qarorlarimdan bilmaslik emas, jasorat yetmagani to'xtatib qolgan deb o'ylayman. Shartta qaror qilish o'rniga rejalar tuzishimiz, o'tirib o'ylashimiz, kitoblar o'qishimiz tayyorlanish emas, qaror qabul qilishdan qo'rqishimiz.
Yuz ming dollar qarz olib, tushunmagan ishini boshlash oldidan qo'rqish – yaxshi aslida. O'zi bunday qilmaslik ham kerak. Aksarimiz esa yo'qotadigan narsamiz katta bo’lmasa ham qo'rqamiz. Omma oldida gapirishni, blog boshlashni, yangi odam oldiga borib tanishishni, kameraga gapirishni, mehnatimizni sotishni o'rganishni, qilsak-u o'xshamasa, nima yutqazamiz? Oqibatlari kichik bo'lsa ham noma'lumlik bizni qo'rqitadi.
Men ham shundan qiynalaverib, oxiri yechimini topdim: **sinov va xato (trial & error) bilimdan ustun.** Qo'rqayotgan ishlarimizga sinov deb qaraymiz. Katta ehtimol bilan xato qilamiz. Ana shu xatodan o'rganamiz.
Bilim esa sinaydigan narsamizni topish uchun kerak. Yana olingan tajribani mustahkamlash uchun ham kerak. Qolganini jang maydonida o'rganaveramiz.
– Katta kompaniyada ishlasammikan yoki kichkinasida?
– Ikkalovida ishlaganlar bilan gaplashib ko'r.
– Baribir ikkilanyapman.
– Bittasini tanlab boshla!
– Kim bo'lishimni bilmayapman.
– Mana o'zingga va jamiyatga eng foydali bo'lgan kasblar [ro'yxati](https://t.me/paramdata/4). Har bittasiga uch oydan yordamchi bo'lib ko'r.
– Meni olishmasa-chi? Oldin bor, so'ra, yordamingni taklif qil. Qulingiz bo'laman de. Undan keyin nolisang bo'ladi.
– Blog boshlashga qo'rqyapman. Nima qilish kerak?
– Bitta obunachi (onang) bilan ham boshlasang bo'ladi.
– Falonchi aka bilan tanishishim kerak.
– Instagrami bor, Facebooki bor. Yozib ko'r.
– Javob bermasa-chi?
– Nima foyda olib kelishingni yoz.
– Foyda bera olmasam-chi?
– Unda qobiliyatningni rivojlantir.
– Qanday?
– Turli ishlarda o'zingni sinab ko'r. Qaysi birida uyqudan kechib davom ettirishni xohlashingga e'tibor ber.
– Qancha vaqt ajratay?
– Topguningcha.
---
*Aytgancha*, farzandi qobiliyatini topishda ota-onalar maslahat so’raydi. Ularga ham doim shuni tavsiya qilaman: Bolalarni turli to'garaklarga olib borish. To'garaklar imkoni bo'lmasa, turli YouTube videolar qo'yib berish. Uxlashdan voz kechishga olib boradigan mavzu chiqsa, katta ehtimol bilan qobiliyatlar o'sha yo'nalishda bo'ladi. Ya'ni, qobiliyatlar ham sinov & xato usulida topiladi.
---
Yosh bola ham bitta "a" harfini yozgunicha qancha xato qiladi. Jamoamizda ham biror qaror ikkilantirsa, "test & trial", ya'ni "sinab ko'raylik-chi, uyog'i bir gap bo'lar" deyman. O'ylayverganimiz bilan ishlar bitmaydi. Faqat o'ylash bilan muammoni yechishga harakat qilish – thinkism (o'ylash kasalligi) deyiladi.
Sinab ko'rsak, tezroq o'rganamiz. Sinab ko'rsak, yaxshiroq esda qoladi. Sinab ko'rsak, o'xshamasa, keyingisini sinashga o'tib ketaveramiz. Birinchi yoqtirgan ishxonamiz olmadimi, keyingisiga boramiz. O'zim ham to'rtinchi topshirgan joyimga kirganman. Birinchi kichkina biznesimiz o'xshamadimi, xatoni tushunib, keyingisiga o'tamiz. Birinchi blogimiz odam yig'madimi, boshqa narsalarni yozamiz. Yo'limizni topa olmayotganimiz, yo'limizning bir qismi bo'ladi. Hammasiga sinov va xato deb qaraymiz.
"Boshlab olishdan oldin ham nimanidir bilish kerak-ku?" degan savol tug'iladi. Jeff Bezos 70% bilsa, qolganini jarayonda o'rganib olsa bo'ladi deydi. Bu gapga ham o'n yil bo'ldi. Hozirda bu 60% bo'lsa kerak. Birinchi maktabimizni ochganimizda men dars berishni, ishga olishni, chala bo'lsa ham boshqarishni, marketing va sotuvni bilardim. Aslo maktab tizimini, ota-onalar kutuvini, dars jadvallarini, bino loyihalashni bilmas edim. (Keyinchalik u maktabdan chiqib ketishimga bu sabab bo'lmagan, albatta. Paytida mashhur va yaxshi maktab edi. Chiqib ketishim sababini boshqa insholarda batafsil gaplashib ketamiz. Bu ham bizlarga bir dars bo'lib qoladi).
Blog boshlayotganda ham shunday edi. Minimal imloviy xatolar bilan yozishni bilardim, xolos. (Shu ham ishni yarmi bo’lsa kerak, o'zi). YouTubega videolar olishni boshlayotganda esa faqat kameraga gapirishni bilardim. Qolganini jarayonda o'rganib ketdik.
Aleksandr Panov degan tadbirkor bor. Neyrointerfeyslar yo'nalishida start up qiladi. Fizika, matematika va biologiyani o'qib muhandislar jamoasini yig'ishga kirishib ketadi. Adashamasam, hozirda yo'nalishidagi Rossiyadagi eng kuchli start uplardan.
Mashhur treyder Nassim Taleb ham matematikani treydingga kirib o'rganishni boshlaganini qayerdadir yozgandi. Mask elektromobillar qurishni boshlaganida muhandislikni tushunmasdi, asosan, biznes qurishni bilardi. Facebook menejeri Julie Chou ham kitobida menejerlikka tayyor bo'lmasdan kirib ketganini yozadi.
Jasorat qolgan 40% uchun kerak bo'ladi. Jasorati yetishmasa kamdan kam odam tan oladi. Yana o'rganish, o'ylash, tayyorlanish bahonasida yillarini o'tkazib yuboradi. Sinov beradigan tajribadan quruq qoladi.
Smeshariki multserialining "Usta va yovvoyi qulupnay" soni [bor](https://www.youtube.com/watch?v=CzScZbKxTek). Olti daqiqa davom etadi. Ko'rishni tavsiya qilaman. Tipratikan ayiqdan yovvoyi qulupnay haqida so'raydi. Ayiq ekmayman deb javob beradi. Buni eshitib qolgan aqlli bug'u tipratikanga yovvoyi qulupnay yetishtirishni o'rgatishni boshlaydi. Qayerdadir o'qigan, hayoliga kelgan fikrlar bilan tipratikanni boshqarib turadi. Rosa ovora bo'lishadi-yu, umuman qulupnay yetishib chiqmaydi. Bir uyum go'ng hosil bo'ladi. Aqlli bug'u hayron bo'lib: "Axir qanday qilib, men qulupnay haqida hamma narsani bilaman-ku, hammasini mantiqan qildik-ku?" – deydi. Jarayonni soddagina dehqon ayiq kuzatib turgandi. Tipratikanga qarab: "Yovvoyi qulupnay yeging kelayotgan bo'lsa, savatingni ko'tarib o'rmonga kirsang yetadi. Yur qayerga borish kerakligini ko'rsataman", – deydi.
Sinov va xato qilishni boshlamasdan o'qiyverish, o'ylayverish bizni shu bug'uga o'xshatib qo'yadi. Biznes haqida nazariy bilimlari ko'payib ketganlar, biznes boshlay olmay qoladi. Biznesdan dars berish yo'lini tanlaydi.
2018-yili kuchli xususiy maktabning direktor yordamchisi bizda o'qituvchi bo'lib ishlagandi. Kelajakdagi rejasini so'raganimda o'zining xususiy maktabini ochmoqchi ekanligini, hozir tayyorlanayotganini aytgandi. Keyingi yetti yil ichida ish joylarini ko'p almashtirdilar. Maktab ochganlarini eshitmadim. Shu yillar orasida bir necha kishi maktab ochish istagi bilan maslahat so'rab keldi. Ochishdi. Vaqt o'tib haqiqiy muammo va jarayondagi savollar bilan kela boshlashdi. Yuqoridagi aka bilganini yarmini ham bilmay turib ishlab yurishibdi.
Qovurilgan ovqatni mazali bo'lishini ta'minlaydigan Mailliard reaksiyasi bor. Organik kimyogarlar bilsa kerak. Pomidor esa tarkibidagi glutamat tufayli ovqatga shirin maza beradi. Mashhur restoranlarda ishlagan oshpaz qarindoshim bor. Shu ikkala narsani umuman bilmasa ham ovqatlari o'ta mazali chiqaveradi. 16 yoshidan oshxonada ishlab, minglab ovqat pishirgan, axir.
Hamma ma'lumotlar yig'ilgandan keyin boshlash odatda kech bo'ladi. Dasturchilar olamini qaraylik. Bizda hozirda eng ko'p daromad qilayotgan dasturchilar 2010 – 2020-yil bitiruvchilari. Ko'plari biznes ham boshlab yuborishgan. O'sha paytlarda dasturchi bo'lish xohishi bo'lsa bo'ldi, o'rgatib olamiz degan kompaniyalar haqida eshitib yurardim. Hozir bu ish zo'rligi ma'lum bo'ldi. Uy, mashinalar olishdi, hayotlari yaxshi ketayotganini odamlar ko'rdi. Dasturchilikni tanlash risklari kamaydi. Endi kirib kelish yana-da qiyinlashadi. Sohadagi bir necha ishonchli odamlardan eshitdim: yangi dasturchilarni o'rgatib yurishga endi hech kim rozi bo'lmayapti. Juniorlar ishini sun’iy intellekt osongina bajarib qo'yyapti. Buni eshitib yodimga yillardan beri "qaysi tildan boshlasam ekan" deb yurganlar keladi. Karvon o'tib ketaveradi.
Shu o'rinda savol tug'iladi: 60%ni bilganimni qanday sezaman?
Bitta belgisi, sohadagi katta risklarni tushungan bo'lishingiz. Tadbirkorlikda bozor, raqobat, kadr, qonunchilik, moliya risklari bor. Sohangizda shular qay ko'rinishda bo'ladi, tushunsangiz bo'ldi.
Siyosatda noto'g'ri odamning jamoasida bo'lib qolish riski bor. Katta kompaniyalarda noto'g'ri bo'lim tanlab qo'yish riski, blog boshlashda sharmanda bo'lish riski bor. Shularni aniq ko'rib tursangiz va asosiysi, shu risklarga tayyor bo'lsangiz, (ya'ni zarbalar ag'darib qo'ymasa), boshlash mumkin bo'ladi.
Yana bir belgisi, o'qiyotgan narsangiz takrorlanayotganini seza boshlasangiz. Yangi bilim miyangizda "vau" effekti hosil qilmayotgan bo'ladi. "Ha, buni ham bilib qo'ygan yaxshi ekan" – odatda eng kerakli bilimlarga bunday reaksiya berilmaydi. Ya'ni, sohada dunyoqarashingizni burib yuboradigan bilimlar qolmagan bo'lsa, bo'ldi, qolganini jarayonda o'rganib olsa bo'ladi. "Yo'lni yo'l ko'rsatadi", – deganmidilar Shams Tabriziy?
Esda qolishi uchun takror aytaman. Karyeramizda bilimsizlik emas, jasorat yo'qligi ko'proq xalaqit beradi. "30 – 40%ni bilmayman hali, o'rganib olishim kerak" deyishimiz, qo'rqayotganimiz belgisi bo'ladi. Aynan shu qolgan bilim, ish jarayonida sinov va xato ko'rinishida olinadi.
Qo'rqishdan to'xtash uchun xatoni xato deb emas, o'rganishning bir qismi deb ko'rish kerak bo'ladi. O'rganishning bir qismi deb ko'rish uchun hali o’quvchi ekanimizni tan olishimiz kerak. Men o'zimga aytaman: 40 – 50 yoshlarimda shaxs sifatida yetilmoqchiman. Demak, hozirgi qilayotgan ishlarimni hammasini maktab deb qabul qilaman. Kitoblar-u, kurs va maslahatlar tajriba o'rnini bosmaydi. Balki olayotgan tajribamizga ta'rif berib turadi. Boshlamasangiz ulardan foyda yo'q. Yurmayotgan odamga xarita hech qanday yordam bera olmaydi.
Eng yaxshi universitetlar talabalarini maydonga qo'yib, xato qilishiga sharoit yaratib beradi. Eng kuchli bizneslar sinov va xato ustiga quriladi (SpaceX, Dyson). Eng katta ilmiy ochilishlar sinov va xatodan keladi (Karl Popper).
Bryan Kaplan aytgandi: "To'xtamay har xil usullarni sinab ko'radigan odam bilan bas kelish uchun – 1000 IQ ham yetmaydi". **Sinov va xatodan olingan bilim yaxshiroq esda qoladi**. Qalpoqsiz sovuqda chiqib ketib, boshi og'rib qolganlar bor. Ularga qalpoqning foydalari haqida ortiqcha nazariya kerak bo'lmaydi.
Xulosa qilsak, qo'rqishimiz noma’lumlikdan. Noma'lumlik esa yetarli (100%) bilmasligimizdan. Boshlamasak yetarli bilmaymiz. Boshlamay "yetarli bilib olaman" deganlar hali ham yuribdi. Yetarli bilmay boshlashimiz ham yana qo'rqinchli. Bu qo'rqinchni esa yengish oson. Ishga maktab (sinov va xato) deb qarash yetarli.