*22.05.2025*
Muallif vaqtinchalik "mavzu" (tema, sxema) larga ishonmaydi. Vaqtinchalik munosabatlar qurmaydi. Eskiradigan narsa o'qimaydi va o'qishdan qaytaradi.
Vaqtinchalik mavzu nima degani? Butun umr shug'ullanishga arzimaydigan mavzu, vaqtinchalik hisoblanadi. Butun umr yodda tutishga arzimaydigan ma'lumot, vaqtinchalik hisoblanadi. Butun umr gaplashishga arzimaydigan suhbatdosh, vaqtinchalik hisoblanadi.
Keling, birma-bir ko'rib chiqsak.
### Vaqtinchalik karyera
Muallif o'qituvchilar bilan ko'p ishlagan. Ikki turdagi mutaxassislarni uchratgan. Birinchisi borini ishiga bag'ishlagan. Yillardan beri o'z ustida ishlab kelyapti. Ikkinchisi o'qituvchilikni bekat sifatida ko'radi. Qaniydi yaxshiroq "mavzu" chiqib qolsa, shartta o'tib ketardi. Boshqa ish yo'qligi uchun ishlab turibdi.
"Nimasi yomon? Halol ish bo'lsa yetarli emasmi?" Savol tug'iladi. Yomon emas. Shunchaki vaqtinchalik mavzular foydasiz. Biror narsa bilan vaqtinchalik shug'ullanayotgan odam, o'sha ishga borini tikkanga doimo yutqazib kelaveradi. Qiyinchiliklarini ko'tarmaydi. Ishini rivojlantirmaydi.
Bir o'qituvchimiz talabalar tushunmasa jahl qilaverar edi. O'quvchilarini dangasalikda ayblardi. Muallif o'tirib suhbatlashib ko'rdi. Muallim hazratlari Malibu olgan do'stimizga qiziqib 3D max o'rganayotgan edi. Do'stimiz suhbatlaridan bilamiz, o'sha sohaga ham borimizni bag'ishlamasak, Malibu tursin, mikroto'lqinli pech ham ola olmaymiz. Ishonchim komil, 3D max ham u yigitga vaqtinchalik edi. Pul topib bo'lgach, katta ehtimol boshqa ishga o'tib ketar edi.
![[Screenshot 2025-05-22 at 15.45.29.png]]
> *Kunning 15 daqiqasi (1%) ni ishingizni yaxshilashga sarflashingiz, rivojlanishingiz uchun qilish mumkin bo'lgan eng katta ishdir.*
Qanday qilib kuniga 15 daqiqa ustimizda ishlash bunchalik foyda olib kelishi mumkin? Aksar odam o'z ustida ishlamagani uchun. Aksar odam nega o'z ustida ishlamaydi? Bu yerda taxmin qilishga hojat [yo'q](https://www.hrotoday.com/news/ticker/58-of-employed-workers-looking-to-make-career-change-flexjobs-report/):
![[Screenshot 2025-05-22 at 15.50.27.png]]
>*83% mutaxassislar sohalarini almashtirishmoqchi, yoki almashtirishga urinib ko'rishdi. Atigi 17% mutaxassislarga o'zgartirish qiziq emas*.
Bizda bu foiz yanada yuqori bo'lsa kerak. Atrofimiz mutaxassislikka mehmon bo'lib kelganlarga naqadar to'la. Vaqtinchalikka kelishgan. Nomiga ishlashadi. Uyga daraxt ekishmaydi. Yangi tokcha qo'yishmaydi. Kasb ichida ijarachi mehmon kabi yashashadi. Yaxshiroq taklif chiqishi bilan kasblarini (ish joylarini emas) almashtirishga rozi bo'lib ketishadi.
Bitta sohani ushlagan odamlar o'z uyida yashayotganlarga o'xshaydi. Ta'mirlashadi. Yangi jihozlar olishadi. Daraxt ekishadi. Har kelganimizda makon *go'zallashayotganini* ko'ramiz.
**Vaqtinchalik deb qaralgan narsa rivojlantirilmaydi.** Avtobus kutayotgan bekatingizni ta'mirlaysizmi? Turist bo'lib borgan shahringiz ko'chasida axlatni olasizmi? Boshqa shahardagi so'kib gaplashayotgan bolalarni urishib berasizmi? Ijaraga olgan velosipedingizni kuchaytirib qaytarasizmi? **Yo'q.**
Sohaga vaqtinchalik deb qaraganlar pul topishga qiynaladi. Muammo tanlagan sohasida deb o'ylaydi. Boshqa sohalarga ko'z olaytiradi. Ba'zida almashtirish o'xshaydi. Biror mutaxassis yetmayotgan yosh tashkilot imkoniyat beradi. U yerda ham ozgina ishlab o'smayotganini tushunadi. Keyingi issiq mavzuni qidira boshlaydi. Shunday qilib umr o'tib ketadi.
Muallif maktab sohasida bo'lgani uchun, boshqa maktab egalarini ham taniydi. Afsus bilan aytadi, ular orasida hozircha maktab ochish yaxshi "mavzu" bo'lgani uchun maktab yuritayotganlar yetarlicha topiladi. Talab yaxshiligi uchun ochishyapti. 2-3 yilda hosil yig'ishtirib, "tuzukroq" mavzularga o'tishmoqchi. Nima ham derdik. Shu ko'z bilan qaragan o'quv markazlarning aksari yopilib ketdi. Faqat umrini bag'ishlayotganlar qoldi. Ertami kechmi, hamma sohada xuddi shu ish bo'ladi.
---
***E'tirozga javob***
Shu o'rinda muallif bitta boshlagan ishida butun umr qotib qolishni taklif qilayotgandek tuyuladi. Unday emas. Muallifning o'zi ham ta'limga tasodifan kirib qolgan. Bir ona ingliz tilida gaplashayotganini ko'rib, o'g'liga dars o'tib berishini so'ragan. Shifokor bo'laman degan odam uchun dars berish vaqtinchalik edi. Lekin bu narsa muallifni har kuni yangi narsa o'rganishdan to'xtatmadi.
Muallifning mahallasida bir haydovchi yashardi. Taksi qilishdek vaqtinchalik ish bo'lmasa kerak. Shunga qaramay mashinani har kuni yuvardilar. Ichlari ham toza turardi. Mashina ichida telefon quvvatlagichlar. Yoqimli hid. Biror marta mijoz bilan benzin uchun to'xtamaslik. Vaqtida kelib ketish. Akamiz oxiri mahalladan ortmay qoldilar. Birorta begona mijozga hojat qolmadi. Keyin katta tashkilot rahbari haydovchilikka chaqirdi. Bizda xatto yaxshi haydovchilar ham yetishmaydi.
Sotuvchilik qilamizmi, quruvchilik, ahamiyati yo'q. Butun umr qilishga tayyor bo'lib qilsak, zo'r qilishni boshlaymiz. Zo'r qila boshlasak, balki Barbara Oakley [aytganidek](https://t.me/paramdata/53) yaxshi ko'rib qolarmiz. 28-inshomizda gaplashgan [[28. O'tmishdagi ishlar, kelajakdagilarini ko'rsatib beradi|edik]]. Almashtiradigan bo'lsak ham, yangi ishimizni ham zo'r qilish ehtimoli oshib ketadi.
Orada umrimizda kam uchraydigan takliflar kelib qoladi. (Biznes hamkorlik, kuchli odamning jamoasi, ancha tajriba beradigan joy) U taklifni olish, sohamizni almashtirishga rozilikdek ko'rinadi. Bunday kam keladigan takliflarga "***ha***" deyish kerak bo'ladi. Sababi – omad kelib turgan paytida omaddek ko'rinmaydi. Kelganda olish kerak. Tajribamdan aytaman, aynan vaqtinchalik bo'lsa ham, ishlarni zo'r qilayotganlarga, shunday taklif kelish ehtimoli baland bo'ladi.
Ya'ni, karyeramiz (ishimiz) vaqtinchalik bo'lsa ham, har kuni yaxshilab boraylik. Ikkitadan bitta ish albatta bo'ladi:
1. Ishimiz doimiyga aylanib qoladi. Yoqtirib qolamiz. Natijalarimiz ko'rina boshlaydi.
2. Keyingi kasblarga o'tganda ham, rivojlantirish odati qolib ketadi.
---
### Vaqtinchalik do'stlar
Vaqtinchalik do'stlar haqida gapirganda hayolga bitta so'z keladi. Networking. Muallifning eng yomon ko'rgan so'zlaridan bo'lsa kerak.
Networking bu tanishish uchun tanishish. Ish bitirish uchun tanishish. Tanish ekanligini aytish uchun tanishish. Birga rasmga tushish uchun tanishish. Ismini telefonimiz ro'yxatiga qo'shish uchun tanishish. Odamdan buyum kabi foydalanish. Tanishib olish uchungina yaxshilik qilish. Sovg'alar berish. Ishini bitirish uchun tanishishga harakat qilib, shuni berkitish.
Muallif networking san'atiga ishonmaydi. Ya'ni tanish-bilish orttirishni alohida ish deb ko'rmaydi. Tanish bilish orttirishning formulasi oddiy, do'stlar. Tayinli va foydali ishlar bilan shug'ullanamiz + borligimizni bildirib turamiz (blog). Bo'ldi. Ya'ni, bo'ladigan ish qilayotganlarda tanishlar o'zi paydo bo'ladi. Tanish-bilish orttirish ishga sababchi emas. Ishning oqibati. Ishonmasangiz, bobongizdan so'rab ko'ring.
Muallif eng zo'r tanishlarini tabiiy yo'l bilan orttirgan. Ko'plari bilan vaqt o'tib yaqin bo'lib ketgan. Ba'zilari bilan birga ishlagan. Boshqalari bilan loyihalar qilgan. Birga safarga chiqqan. Tanish bilish ham rizq. Shoshirganimiz bilan zo'r bo'lib ketmaydi. Tanishmoqchi bo'lgan odamimiz bilan teng bo'lmasak (ilmda, pulda, ixlosda, fikrlashda yoki qiziqishda) tanishlik uzoqqa bormaydi.
Tanish orttirsak ham, hozirgi ishimizni hal qilish uchun emas, butun umrga orttirish aqlliroq ish bo'ladi.
Bir odam bilan 20 yildan keyin ham vaqtimizni o'tkazishni ko'rmayotgan bo'lsak, hozir ham o'tkazmay qo'ygan ma'qul. Uylanmaydigan qizimiz bilan ortiqcha gaplashib nima qilamiz? Gaplashmaydigan tilimizni o'rganishda nima foyda? O'zi yil sayin yana yangi do'st topish ehtimolimiz pasayib borsa.
![[Screenshot 2025-05-22 at 16.43.20.png]]
*Umrimiz davomida yangi orttiradigan tanishlarimiz soni/yiliga. (P.S. Ingliz tilidagi friend bizdagi tanishga to'g'ri keladi. Do'st best friend yoki close friend bo'ladi)
Birga qarimaydigan odamimizga yoshligimizni sarflab nima qilamiz?
Do'stlikning eng katta foydasi 10-20 yillar o'tib bilinadi. Uzoq muddatda to'liq ishonch hosil bo'ladi. O'sha ishonch bilan keyin tog'larni surib yuborsa bo'ladi. Rosulimiz alayhissalom va Abu Bakr Siddiq hazratlari Risolatdan oldin yigirma yildan ortiq do'st edilar.
Tarixdagi eng muvaffaqiyatli investitsion korxona do'stlik (Buffet&Manger)dan boshlangan edi. Ularga havas qilib Wilkinson ham yaqin do'sti Chris bilan fond ochgandi (Tiny). Ikkita Stivning uzoq yillik do'stligi Appleni, Bill&Pol do'stligi Mikrosoftni boshlab berdi. Muallif ham ishni do'stlari bilan qilishni ma'qul ko'radi. Yoki ish jarayonida do'st bo'lib ketadi. Butun umr ishlash ehtimoli bo'lmasa, umuman ishlamay qo'ya qoladi. Chidash orqali ishlash? Ish bitirib olguncha majburdan gaplashish? Yo'q. Umrimizning asosiy qismi ishda o'tadi. Bunga rozi emasmiz. Do'stni qanday tanlasak hamkasblarni ham shunday tanlaymiz. Ortiqcha asab buzishning nima keragi bor? Buni ustiga yoqmaydigan odam bilan ishlash zararli [bo'lsa.](https://t.me/azizrakhimov_blog/643)
Bu haqida to'liqroq integratisa inshomizda gaplashgan [[29. Ko'p ishlarga ulgurish haqida|edik]]:
> *Istalgan sohada pul topsa bo'ladi, ha. Faqat topish jarayonida asabimiz ketib qolmasligi kerak. Rahbarimizga havas qilsak va do'stlarimiz bilan ishlayotgan bo'lsak, asabiylashish minimal yoki foydali bo'ladi.*
Do'stlikka yangi nomzod bilan gaplashib turar ekanmiz, tasavvur qilib ko'raylik. Shu odam janozamizga kelishini istaymizmi? Quda bo'lish ehtimolimiz bormi? Farzandlarimiz do'st bo'la oladimi? Ellikka kirganimizda ham miriqib suhbat qura olamizmi? Ortimizdan bizni duo qiladimi? Ishlarimiz yurisha boshlasa samimiy xursand bo'ladimi? Hali o'ttizga ham kirmaganlar bu narsalarni o'ylashi kulgilikdek tuyular. Shu savollar rostdan aylanadigan paytlar birpasda kelib qoladi. O'shanda javobini qidirishni boshlash kech bo'ladi.
### Vaqtinchalik ma'lumot
Kasb tanlash haqidagi [[20. Kasb tanlash haqida|inshomizda]] universitetning qaysi fakultetlari eng yaxshi ekanligini gaplashgan edik:
> *Maktabimizda ham bitiruvchi sinflarga shuni aytib beraman. Yo'nalishi aniqlar qayerga topshirishini biladi. Ikkilanayotganlarga beshta sohani aytaman: Muhandislik, Shifokorlik, Science (Kimyo, matematika, fizika, computer, tilshunoslik), Huquq, Moliya. "Shundan boshqasiga topshirib umringizni ketkazib o'tirmanglar" deyman.*
Bu sohalarda bitta umumiylik bor. Yigirma yil o'tsa ham bilimingiz eskirib qolmaydi. 13 yil oldin o'pkaning tuzilishi haqida o'qigan edik. Ishonchim komil, inson o'pkasi o'shandan beri hali o'zgarib qolmadi.
Muallif kuni kecha yo'lda suhbatlashib kelayotgan edi. Yoshligidagi qiziqchi Obid Asomovning mashhur [sketchini](https://www.youtube.com/watch?v=znFSpMzPuUE) misol qilib keltirdi. 25 yoshliklar jamoasi uni bilmasligini aytishdi. Muallif shunda tushundiki, u sketch vaqtinchalik ma'lumot edi. O'sha davr, o'sha joy uchun qiziq edi. O'n yil o'tdi. Miyasida joy olib turibdi. Foyda keltirishi esa dargumon bo'lib qoldi. Demak, o'sha ma'lumotni olish nafaqat paytida vaqtni isrof qilgan, balki boshqa foydaliroq narsaning joyini egallab kelgan.
Balki shu sababdan yangiliklarni o'qishdan foyda bo'lmaydi. Yillar davomida har kuni o'qib kelyapmiz. O'zimizga savol beraylik: "Shuncha o'qidik. Hayotimizda nima o'zgardi? O'rniga manoqiblar [[33. Qiyin davrlar kimligimizni ko'rsatadi#^b00a5d|o'qiganimiz]] foydaliroq emasmidi?" Nafaqat hozir ibrat olardik. Nevaralarimizga ham aytib berishimiz mumkin bo'lardi.
Ishimizga aloqasi bo'lmagan dunyo voqealari, g'iybat, sport o'yinlari natijalari, drama seriallar, mashhur (yoki mashhur emaslar) hayoti, mish-mishlar. Vaqtinchalik ma'lumotlar manbasi. Eshitish paytida qiziq tuyiladi. Miyada butun umr joy [egallab](https://t.me/azizrakhimov_blog/815), foyda keltirmay yotadi.
Ancha oldin axlatni xazina deb o'ylovchilar haqida o'qib qolgandim. Ularni yig'uvchilar (hoarders) deb atashar ekan. Eng ashaddiylaridan biri haqida ma'lumot topib [keldim](https://www.odditycentral.com/news/man-spends-10-years-hoarding-tons-of-garbage-as-dowry-for-his-son.html):
> *75 yoshlik Choi oxirgi o'n yildan beri uyiga har narsalar tashib keladi. U bir odamning axlati boshqasining xazinasi ekanligiga ishonadi. Nafaqaxo'r avval uyini, keyin balkonini, keyin esa hovlisini ham axlat bilan to'ldirib tashladi. 70 yoshlik xotini va qirq yoshlik o'g'li kichkina xonada uxlashadi. Qolgan xonalar hammasi axlat bilan to'lgan.*
Tasavvur uchun rasmlar:
![[Screenshot 2025-05-22 at 19.48.19.png]]
![[Screenshot 2025-05-22 at 19.48.38.png]]
Bu ajoyib sindromga aholining 2-5 foizi chalingan [ekan](https://www.nytimes.com/2010/08/26/nyregion/26hoarder.html). Miyani axlat bilan to'ldirish kasalligiga (doomscrolling) esa ko'proq (31-53%) odam [chalingan](https://pro.morningconsult.com/analysis/doomscrolling-impact-users-mood-2024).
Farqi shundaki, uyimizni axlat bilan to'ldirar ekanmiz, oldin oilamiz, keyin qo'shnilarimiz xabar topadi. Miyani axlat bilan to'ldirish esa jim kechadi. Qorong'ida, uyqu oldidan, ovqatlanayotganda, transportda ro'y beradi. Kuniga soatlab reels/yangilik/vayn ko'rayotgan bo'lsak, axlat yig'yapmiz. Miyamiz vaqtinchalik ma'lumot bilan to'lib boryapti. Hayotimizdagi birorta qarorni o'sha qisqa videolarga suyanib chiqara olmaymiz. Bu ham mayli. Endi bu miya sog'lom ma'lumotni ham qabul qila olmay qoladi. Kitob tursin, mana shunday insholarni o'qish ham muammo bo'lib qoladi. Tanishlariga insholarni o'qitmoqchi bo'lganlar, buni sezib bo'lishgan bo'lsa kerak, chamamda.
### Xulosa
To'g'ri, ba'zi do'stlarimiz bilan ayrilamiz. Butun umr ishlayman degan joyimizdan ketamiz. Ba'zida ilm deb o'rgangan narsamiz befoyda bo'lib chiqadi. Hayotda o'limdan boshqa narsaga kafolat yo'q. Harakatlarimiz ehtimollikni oshirish uchun. Ishlarni butun umrga deb qarashni boshlasak, hozir ham foyda olishni boshlaymiz. Vaqtincha deb qarasak, nafaqat kelajakda, hozir ham foyda olishimiz kamayib ketadi.