*10.04.25* Bugun xatolar haqida gaplashamiz, do'stlar. Institutda mehribon kuratorimiz bor edi. Hammamiz yaxshi ko'rardik. Hech kim mensimaydigan talabalarga "odam"lardek muomala qilardilar. Otalari mashhur yozuvchi bo'lgani ta'sir qilganmi, dona-dona chiroyli gapirardilar. Kayfiyatimiz bo'lmasa, gaplashib o'tirardik. Maslahat kerak bo'lsa, oldlariga borardik. Bitirganimga sakkiz yil bo'lyapti. 90% o'qituvchim esimda qolmadi. Ularning esa hamma jihatlari esimda qolgan. Erlari vafot qilgach, ikkita o'g'illari bilan ovunib yurardilar. O'limga sabab esa – shifokor xatosi edi. Vaqtida ko'rsatilmagan yordam, noto'g'ri tashxis. Operatsiyani kech boshlash. Oddiy kasallikdan jarrohlik stolida vafot qilgandilar. Bu voqeani ko'p aytib berardilar. Kimlargadir yaxshi o'qishga turtki bo'lgan bo'lsa ajabmas. Shifokor xatosidan yiliga millionlab odamlar vafot etadi. Xato aniqlangach ham, yopdi-yopdi qilinadi. Sabablari o'rganilmaydi. Tan olinmaydi. Shu sabab shifokorlar xatosi OITS, ko'krak saratoni, giyohvand moddalardan ko'ra ko'proq odamning hayotini olib [ketadi](https://www.youtube.com/watch?v=BHVp5wILNhA). O'zimizdagi marhum vayner ham bunga misol. U kabi mashhur bo'lmaganlar orasida, jimgina o'lib ketganlar qancha? Tibbiyot tizimining ham bunga sabablari bor: "Minglab bemorlar ko'radigan shifokor, bitta kasalning o'limidan qamalib ketmasin" deydi. Xatoni tan olsak ovoza bo'lib, muammo jiddiylashmasin deyishadi. "Xudodan, biz hech nima qila olmadik", deyishadi. Tan olinmagan xato, o'rganilmaydi. Kelasi safari takror bo'laveradi. Bemorlar o'lishda davom etaveradi. Internetga kirib tekshirib chiqdim. Shifokorlar xatosidan o'lim oxirgi yillarda [kamaymayapti](https://sciencebasedmedicine.org/are-medical-errors-really-the-third-most-common-cause-of-death-in-the-u-s-2019-edition/) Ellik yil davomida aviatsiyadagi halokatlar soniga qaraylik: ![[Screenshot 2025-04-10 at 09.25.24.png]] Aviahalokatlar 10-12 barobar kamaygan. Ko'p safar qilsa ham, samolyotlardan qo'rqadigan do'stimiz bor. Har safar birga uchayotganimizda, o'tmishdagi aviahalokatlar haqida gapirib beradi. Do'stim, shu inshoni o'qiyotgan bo'lsangiz, sizga yaxshi xabarim bor: > *Samolyotda uchish yerda yurishdan xavfsizroq. Yil davomida bitta tirik odamning o'lib qolish ehtimoli 0.000001. Chekuvchining o'lib qolish ehtimoli esa 0.0001. Mashina haydovchisining ham. Samolyotda uchayotgan odamning o'lib qolish ehtimoli esa 0.00000005. Barcha tarixiy falokatlarni hisobga olganda yana. Bunga katta ehtimol, og'ir kasallar va o'ta qariyalar samolyotga chiqmasligi ham sabab.* Vaklav Smil. Raqamlar [aldamaydi](https://t.me/paramdata/32). Nega boshlanishida o'ta falokatli bo'lgan aviaqatnovlar bunchalik xavfsiz bo'lib qoldi? Chunki har bir aviahalokat sababi o'rganiladi. Har bir xato taftish qilinadi. Xatoni hech kim berkitmaydi. Agar uchuvchi hatto o'limga sabab bo'ladigan xato qilsa ham, 10 kun ichida xabar bersa, jazodan qutulib qoladi. Odamlar ichida ham xatoga ikki xil yondashuv uchraydi. Biri xato qilganini qabul qila olmaydi. Aybni o'zidan uzoqlashtiradi. Atrofdagi hammani aybdor qilib chiqadi. Ikkinchisi xatolarni o'rganishning jarayoni deb biladi. Xatolar bilan martabasi tushmasligini biladi. Aybini bo'yniga oladi. Asli barchamizda shu ikki toifaning qorishmasi bo'ladi. Yangi o'rganayotgan paytimizda xatolarga chidamli bo'lamiz. O'zimizni zo'r hisoblagan sohamizda, xatolarimizga tolerantlik kamayib ketadi. Bir jarroh bor deylik. Oxirgi operatsiyasida bemor qornida qo'lqopi qolib ketdi. Bu xatosini tan olmasligi mumkin. Shu kuni kechasi karaokega borib kuylashda qilgan xatolarini oson tan oladi. O'qituvchi bolani urishganligi noto'g'ri bo'lganini tan olmasligi mumkin. Photoshop ishlatishdagi xatolarini oson tan olib qo'yadi. Nega unday bo'ladi. Nega asosiy faoliyatimizdagi xatolarni tan olishimiz qiyin bo'ladi? Men ikkita sabab ko'ryapman. Birinchisi, odam o'zi pul topadigan sohasida obyektivlikni ushlab turishi qiyin. Upton Sinklar aytganidek: Odam bir narsani tushunmasligi sababidan pul topayotgan bo'lsa, o'sha narsani tushuna olmaydi. Iqtisodchilar iqtisodni o'stirmaydi. Sanoatchilar o'stiradi. Endi boring shuni iqtisod fakultetlariga tushuntirib ko'ring. Hatto ex-hokim Jahongir aka ham tushuntira [olmagan](https://youtu.be/DKudIPtCZa4?t=9718). Ularning ustidan kulyapman-ku, bu kamchilik o'zimda ham [[9. Biz — bu qilayotgan ishlarimiz|bor]]: > *Yaqinda bir xodimimiz maktabimizdagi kamchiliklarni aytdi. Ha, deb qabul qildim-ku, unga ustunliklarimizni sanab ketdim. Keyin o'ylab qoldim. Ustunliklarni unga nima qizig'i bor? Konkret kamchiliklar haqida gapiryapti-ku? Shuni to'g'rilasak bo'lmaydimi?* > *Maktabdan daromad qilishim uning kamchiliklarini ko'rishni menga qiyinlashtiradi, do'stlar. Shu sababli har bir e'tirozni jiddiy, maqtovni esa yengil olishga harakat qilaman.*  Ikkinchi sabab, ego. O'zimizda kibr dermidi. Bir narsani yaxshiroq qilar ekanmiz, o'zimizga beradigan bahomiz shunga bog'lanib qoladi. O'zimizni qancha usta deb bilsak, ichki hurmatimiz shuncha baland bo'ladi. Xatoni tan olish, hurmatni toptashga teng tuyuladi. Qiziq joyi, bu bizga shunday tuyuladi xolos. Atrofdagilar oldida xatoni tan olishimiz, hurmatimizni faqat oshiradi. ![[Screenshot 2025-04-10 at 12.47.37.png]] Ana milliarder Dalio o'zini hammani oldida professional xatokor deb yozib qo'yibdi. Hurmati kamayib qolmadi. Artel rahbari ham xatolarini tan [oldi](https://youtu.be/DKudIPtCZa4). Hamma oddiy qabul qildi. Yoki avval gaplashganimiz, Taleb ham millionlik auditoriyasida oldida xatosini tan oldi. ![[Screenshot 2025-04-10 at 13.02.15.png]] Xuddi shu mavzuda adashgan, iqtisodchi va siyosatshunoslarni taniyman. Kuzatar edim. Nega "edim"? Chunki adashganlarini tan olib chiqishmadi. Balki shu sababdan, hali ham faqat reklamadan pul topib yurishibdi. Xatolarini tez tan oladiganlar, oxir-oqibat boyib ketadi. Ha, noto'g'ri o'qimadingiz. Bizda ikkitagina yo'l bor, do'stlar. Yoki aybsiz bo'lamiz. Yoki boy bo'lamiz. [[5. Uzun yo'llar haqida|Uzun yo'llar haqidagi]] inshoni o'qiganlar biladi. Bo'lishni tanlash, kuchli axloqni tanlash, boy bo'lish ehtimolimizni karrasiga oshirib yuboradi. ---- ***O'rinli e'tirozga javob*** Muallif boy va muvaffaqiyatli bo'lishni axloqli bo'lish bilan bog'laydi. Xatolarni tezda tan olish bilan bog'laydi. Atrofni kuzatayotgan odam tanishlari, o'z boshliqlari, mashhurlar orasida yomon axloqli, kibrli, xatosini tan olmaydiganlarni doim kuzatadi. Bu tezisimiz xatoligini bildiradimi? Aslo. Avvalo, rizq axloqqa qarab taqsimlanmaydi. Muvaffaqiyat uchun ajratilgan joylar shunchalik ko'pki, orasiga turli odamlar kirib qolaveradi. Do'stimiz [Abdulloh](https://t.me/abdulloh_shamsutdinov) bilan ham shuni gaplashgandik. (Aytgancha, u ham xatosini sekundlar ichida tan oladiganlardan. Tez o'sishi sababi shudir balki?) Ba'zida noloyiq odamlarni yuqori ishlarda ko'rib qolamiz. Ba'zida o'zimiz ham qo'yamiz. Bunga sabab, odatda, boshqa variantlar yo'qligi bo'ladi. Keyingisi esa Solonning [ogohlantirishi](https://t.me/paramdata/28). Bu odamda hozir pul borligi, ertaga bo'lishini bildirmaydi. O'zida bo'lishi, avlodlarida bo'lishini bildirmaydi. Shu sabab balki, boylikning faqat o'zini emas, uning generatorini (axloq) ham meros qilish, aqlliroq qaror bo'ladi. Bu haqida avval ham gaplashgan edik. Eng birinchi inshomizga [[1. Daraxtlardan rivojlanishni o'rganamiz|qaytamiz]]: > *Shaxsiy rivojlanish eng yaxshi meros bo‘ladi. Umar ibn Abdulazizning o‘g‘illariga bir dinordan kamroq (bitta velosiped puli) meros qolgandi. Shu o‘g‘illardan bittasi mingta ot sadaqa qiladi. (Millioner degani). Hishom ibn AbduMalikning o‘g‘illariga million dinordan (300 mln$) meros qolgandi. Shulardan bittasi bozorda tilanchilik qilib yurardi. O‘zi uchinchi avlodga borib 90% oilalar boyliklarini yo‘qotib [yuboradi](https://finance.yahoo.com/news/generational-wealth-curse-causing-90-152639070.html). To‘plaganini o‘tkazish osondek ko‘rinadi, asli o‘rganganini o‘tkazish osonroq bo‘ladi. Bu haqida Suqrot ming yillar oldin aytgandi: vaqtingizni pul topishga sarflayapsizlar, nega shu pullarni tashlab ketadigan merosxo‘rlaringizni tarbiya qilmayapsizlar?* ***Javob tugadi*** ---- Xatolarimizni tan olmasak, ularni qanday to'g'rilaymiz? Axir, har bir tan olingan xato, hech qaysi sun'iy intellekt topib bera olmaydigan ma'lumotni topib beradi: O'zimiz haqimizda ko'proq bilib olamiz. ![[Screenshot 2025-04-10 at 13.16.46.png]] > *Mening ta'rifimda yutqazgan (luser) kim? Xato qilganidan keyin, uni taftish qilmay, foydalanmay, xatodan uyalib, o'zini himoya qiladigan odam. Yangi ma'lumot kelganidan xursand bo'lib, shunchaki davom etish o'rniga, nega xato qilganini tushuntirib o'tiradi. Bu turdagi odamlar odatda o'zlarini "Jabrlanuvchi" deb his qiladilar. U yomon ob-havo, boshliq, yoki kimningdir rejasimi farqi yo'q.* Xato sodir bo'lganida uni berkitishning iloji yo'q. Non yoki pishdi, yoki xom. Dastur ishlayapti yoki qotgan. Insho qiziq yoki esnatuvchi. O'rtasi yo'q. Xato qilgan odamda faqat ikkita yo'l qoladi. Aybdor bo'lish. Yoki aybdor qidirish. Hozirgi holatimizga kim aybdor? O'ylab ko'raylik. Yomon boshliq? Nima, yaxshirog'iga o'tadigan ko'nikmalarimiz yo'qmi? Ota-onamiz zo'r tarbiya qila olmagani? Birga yashashganligi ~85% ishni qilib berganini anglatadi. Kuzatuvimdan aytaman, otasiz o'sishlik, ko'p qoqilishlarga olib boradi. Hayotdan ma'noni olib qo'yadi. Borib tekshirib keldim. Shu haqida yozilgan kitob ham bor [ekan](https://www.amazon.com/Faith-Fatherless-Psychology-Paul-Vitz/dp/1586176870#). Noto'g'ri davlatda tug'ilganimiz? Qayer yaxshiroq edi? Oyoqqa turishning umuman imkoni yo'q [Nigeriyami](https://www.bbc.com/news/world-africa-68402662)? [Sudan](https://www.afdb.org/en/countries/east-africa/sudan/sudan-economic-outlook)? Qirilib borayotgan [Yaponiya](https://blog.me-qr.com/page/why-japanese-entrepreneurs-struggle-to-find-successors-and-how-they-can-handle-it)? Turmush qura olmayotgan [Koreya](https://www.koreaherald.com/article/10438912)? Stagnatsiyaga qarab ketayotgan [Yevropa](https://www.economist.com/europe/2024/11/20/once-dominant-germany-is-now-desperate)? Urushdan chiqmayotgan yaqin sharq? ~10% odam har kuni och uxlashini [bilamizmi](https://www.statista.com/statistics/264901/proportion-of-starving-people-in-the-world-population/)? Unutmang, chet el qandayligini bilish uchun o'sha yerda tug'ilganlarning ko'zi bilan qarash kerak. Bu yerdan emas. *Grass is greener on the other side.* Shayton va bobomiz Odamning farqi ham shunda edi. Xatolariga turli nigoh bilan qarashdi. Biri aybsiz bo'lishni xohladi. Boshqasi aybdorligini tan oldi. Aybsiz bo'lishni xohlar ekanmiz, boshqaga to'nkashimiz kerak bo'ladi. Aybni to'nkar ekanmiz, mas'uliyatni ham ag'dargan bo'lamiz. Daromadi kamligida boshlig'imizni (hokim, prezident) ayblar ekanmiz, hech narsa qilmaslikni tanlagan bo'lamiz. O'sha boshlig'imiz almashishini kutish, yagona choramiz bo'ladi. Muallifning ham egosi bor. Unga xatolarini ko'rsatishar ekan, boshida o'zini yomon his qiladi. Hozirgi xatolarini oson qabul qilishiga, o'tmishdagi xatolarini yozib borgani yordam beradi. "Oldin ham tan olgandim, qo'rqinchli bo'lmadi, endigisi ham hech nima qilmasa kerak" fikri xotirjam qiladi. Bu yozilgan xatolar keyin taftish soatlarida ochib qaraladi. Boshqa takrorlanmaslikka harakat qilinadi. Aynan qanday qilinishini oldingi insholarda gaplashgan [[27. Xaritaga qaramayotgan yo'ldan adashib ketadi|edik.]] Xatolarni tan olishimiz o'rganishimizni tezlashtiradi. Xatolarni tan olishimiz hurmatimizni saqlab qoladi. Xatolarni tan olishimiz kelajakda xatolarimizni kamaytiradi. Xatolarni tan olishimiz o'zimizni tanishimizga sabab bo'ladi. Xatolarni tan olishimiz, munosabatlarimizni yaxshilaydi. Bitta shifoxona misolida [aytaman](https://youtu.be/AlFnPAydJgk?t=402), xatolarni tan olishimiz o'limlarning oldini oladi. Bir dona kamchiligi, xatolarni tan olishimiz og'riqli bo'ladi. Xato qancha katta bo'lsa, og'riq ham shuncha katta bo'ladi. Rey Dalioda [o'qigandim](https://t.me/paramdata/34). Og'riq kattaligi odamlarni o'zgartira olmasa, boshqa hech nima o'zgartira olmaydi. Shu sababli, o'zgarmoqchi bo'lsak, xatolarni tan olaylik. O'zgartirmoqchi bo'lsak xatolarini aytaylik(yolg'iz qolganda, albatta). Takror-takror eshitmadimi? O'zi biladi. O'zini saqlamaganni, biz nega saqlashimiz kerak? Shunda ham xatolarimizni tan olishga bitta to'siq qolar ekan. Atrofimizda ba'zi odamlar bo'ladi. Xatolarimizni eslab qoladi. Sanab yuradi. Hammani oldida eslatib qo'yadi. O'tmishdagi xatolarimiz, uning to'pponchasiga o'q bo'lib beradi. Ayamay otadi. Shundan uyalib ham xatolarni tan olmasligimiz mumkin. Undaylarni nima qilamiz? Hech nima. Undaylar oldida oz vaqtda hech kim qolmaydi. Franklinda o'qiganmidim yoki Senekada, eslolmadim. Xatosiz do'st xohlagan – do'stsiz qoladi. Biz do'stlarimizni komil bo'lganlari uchun sevmaymiz. Undaylar hozir qolmadi, chamamda. Biz ularni komillikka intilganlari uchun sevamiz. Aynan shunday odamlar bilishadi. Bu yo'l xatolar orasidan o'tadi. Ular bilishadi, xatolarimizni Xudoning o'zi kechirib [turganida](https://quran.com/39/53), do'sti kechirmasligi ahmoqlik bo'ladi.