*15.01.2026*
Muallif 33 yoshga kirar ekan, bir fikrni o’ylab qoldi:
Bekorga erkaklar uchun bu yosh maqtalgan yosh bo’lmasa kerak. Jannat yoshi ham 33. Eng ideal davr shekilli. Qarilik hali eshik taqillatmagan. O’rta yoshdagi pessimizm ham hali boshlanmagan. Yosh ham emasmiz. Yoshi katta ham emasmiz. Yigitlikning Shrödinger superpozitsiyasi. Yoshlikdagi sho’xliklar tugab, farzandlar biroz katta bo’lishni boshlagan. Ko'pchilikda ota-ona tirik. Nasihat olishimiz va xizmat qilishimiz uchun tayyor turishibdi. Ba’zi bobo-buvilarimizni esa yo’qotib bo’lganmiz. Demak, yaqinlarimizni yo’qotishimiz mumkinligini ham his qilganmiz.
Bolalik davri endi umrimizning yarmidan kam qismida qolib ketdi. O’n sakkizdan keyingi qarorlarimizning oqibatini o’zimiz va atrofimizda shundoqqina ko’rib turibmiz.
O’smir paytimizda 6-7 yoshlik bolalar bor edi. 33 yoshimizga kelib ular ham katta hayotni boshlashgan. Yoshlikda qanday yurishgan bo’lsa, hozir o’shaning kuchaygan versiyasini ko’rib turibmiz. Demak, tarbiyaning ham oqibatlari shundoqqina ko’z oldimizda. Berayotgan tarbiyamizni qayta ko’rib chiqish imkonimiz ham saqlanib turibdi. Ba’zi narsalarni kech tushungan bo’lamiz, lekin o’ta kech emas.
Hayotning ajib o’rta nuqtasi. Turgan joyimizga qarab, o’tmishimizni tiniq taxmin qilsa bo’ladi. Nimalar qilganmiz. Qanday yashaganmiz. Buning ustiga boradigan joyimizni ham tiniqroq taxmin qilsa bo’ladi. Endi qayerga boramiz, keyingi hayotimiz qanday kechadi.
33 yoshgacha bir ishni boshini tutmagan, katta ehtimol, ko’p vaqtini bekor sarflab tashlagan. Buyog’iga ham oyoqqa turishi qiyinlashib boraveradi. 33 yoshgacha yomon odatlarini yo’qotmagan, to'g'ri muhitda yurmagan. Katta ehtimol buyog’iga ham odatlaridan kecha olmaydi.
Ba'zi ilmlar bo'ladi. Bir yoshga yetmasdan tushuna olmaymiz. Bugun shunday qonuniyatlarning biri bilan bo'lishmoqchiman:
**Hasad qilma. (Hasad qilayotgan narsaningni) Puli (badali) to’langan.**
33 yoshga kelib, bu gapning qanchalik haqiqatligi ochilib qolar ekan. Balki hammada ham 33 yoshida shunday bo’lmas. Balki muallif maktabda ishlagani, oilaning uchta avlodini ko’rib turgani, bitiruvchilarining katta hayotini boshlanayotgani unga jarayonni tezlashtirib bergandir. Nima bo’lganda ham bir narsa aniq: Atrofimizda hasad qilinadigan odam yo’q. Ayniqsa, u to’lagan narxni hisobga olganda.
***Lirik chekinish***
Hasad tushunchasini ta’riflab ketaylik. Boshqa odamdagi narsalar bizda ham bo’lishini xohlashlik hasad emas. Havas. O'sha odamdagi narsalarga uni noloyiq deb bilishlik – hasad. Birorta odam "men hozir aldayapman, o’g’irlayapman" demaganidek, men "hasad qilyapman" ham demaydi. Hasad "*Uning omadi kelib qolgan o’zi, mana bu odam aslida uni ko’targan, falonchi yordam bermaganida hech nima qila olmas edi*” ko’rinishida namoyon bo’ladi.
Aristotel yozganidek, hasad bir-biriga o'xshash odamlar o'rtasida bo'ladi. Qarindoshlar. Bir odamning nevaralari. Kasbdoshlar. Mahalladoshlar va sinfdoshlar. Sartarosh vazir yoki shifokorga hasad qilmaydi. Yutuqlari kattaroq boshqa sartaroshga hasad qiladi.
***Lirik chekinish tugadi***
Hasad qilmang. Puli to’langan. Bu nima degani? Bir inshomizda gaplashgan [[13. U mendan o'tib ketyapti|edik]]. Hasad qilish befoyda. Umrimizni baribir almasha olmaymiz. Yana boshqasida gaplashgan [[Hamma narsaning to'lovi bor|edik]]. Hamma narsaning to'lovi bor. To’lasak, erishish vaqt masalasi xolos. Nimagadir ikkalovini birlashtirish haqida hech o’ylan ko’rmagan ekanman: ***Biz bir odamga hasad qilar ekanmiz, uning hozirgi holati va natijasiga uni noloyiq deb bilamiz. O'zimizni loyiqroq ko'ramiz. Shuning uchun undagi narsani o'zimizga xohlaymiz. U to’lagan narxni ko’rganimizda edi, xohishimiz katta qismi yo’qolib ketar edi.***
Ya'ni, bir odam yutuqqa erishar ekan, albatta uning to'lovini bergan bo'ladi. Bermagan bo'lsa, yutuqqa erishganidan keyin hisob keladi va baribir to'lashni boshlaydi. Demak, biz arzimaydigan deb o'ylagan odamimiz, o'sha yutuqqa arzib qoladi. Dunyoviy yutuqlar Faust kelishuviga o'xshaydi. Biron narsaga qiyin erishdikmi? Demak, to'lovini beribmiz. Oson erishdikmi? Qiyinchiliklar oldinda kutib turibdi. Hasad qilishimizga asosiy sabab esa, o'sha qiyinchiliklar parda ortida qolib ketgani bo'ladi.
Hazrati Umar ham shunga yaqin gap aytgan edilar. Odamga turli taqdirlar ko’rsatilar ekan, eng maqbuli sifatida baribir o’zinikini tanlagan bo’lar edi.
Endi misollarga o’tamiz. Ularning hammasi muallif tanigan odamlardan bo’ladi. Chunki, biografik kitoblarda hayot yoritiladi-yu, ko’pincha to’langan narx aytilmay ketiladi.
Bir o’quvchim begona yurtda ishlab, o’z uyi va biznesiga pul yig’ib qo’yganini yozgan edim. Yigirma beshga kirmasidan, ko’p moliyaviy muammolarini hal qilib bo’ldi. Bir necha ishlar boshlagan. Ham ishlab, ham o'qigan. Quvvati tugay demaydi. Tanimaganlar bilmaydiki, quvvatining asosiy qismi otasi o’smirligida o’tib qolganidan keyin keldi. Hasad qilmang. Puli to’langan.
Bir necha ayol kasbdoshlarni tanir edim. Yosh bo’la turib, karyerada tez o’sishdi. Ko’pchilik erkaklar ham yetisha olmaydigan daraja. Hammalarida bitta qonuniyatni kuzatdim. Erlaridan pul topishda o’tib ketishdi. Ziddiyatlar ko'payib, hayotni davom ettira olmay qolishdi. Ajrashishdi. Ayolda esa karyera yanada o’sishda davom etdi. Ulardagi tezlik oilaning hisobiga bo'ldi. Hasad qilmang. Puli to’langan.
Hozirgina o’zim tanigan kuchli yigitlarni eslab chiqdim. Harakatchan, yiqilsa qaytib turadigan, tavakkaldan qo’rqmaydigan yigitlar. Yutuqlari ham 1% ning ichida. 95 foizlarini aktyorlik yoki modellikka olishmagan bo’lishardi. Yoki bo’ylari basketbol o’ynash uchun yetarli bo’lmas edi. Qizlar ularni “yoqimtoy, kelishgan” tokchasiga qo’ymagan bo’lishar edi. Shu sabab ham ular o’z ishlarini qobiliyatlari bilan bitirishni tanlashgandir balki. Hozirgi "Ha"lar o'tmishdagi "yo'q"larning natijasida keldi. Hasad qilmang. Puli to’langan.
Ba’zi rahbarlarni taniyman. O’z yurtlarining ichida ishlarining ko’pini oson bitira olishadi. Ko’pincha bitta qo’ng’iroq. Ba'zan bitta iltimos. Yo'q deydiganlar kam topiladi. Lekin yashayotgan yurtlari dunyoning 1% qismi, xolos. Qolgan 99% qismiga esa chiqa olishmaydi. Balki bandlikdan. Balki ruxsat yo’qligidan. Hasad qilmang. Puli to’langan.
Bir otani taniyman. Ikki marta sheriklarining foydasiga o’zining foydasidan kechgan. Farzandlarini halol boqishni istagan. Sheriklari moddiy muammolarini hal qilishdi. U esa oilani qiynalib boqdi. Mana, o’n besh yil o’tdi. Uning va sheriklarining farzandlari farqlanib qoldi. Qiyinchilikda ulg’aygan bolalar harakatchan bo’ldi. Moliyaviy natijalarda aksar tengdoshlaridan o’tib ketishdi. Bolalarga tramplin bo’lgan narsa, otaga kelgan zarba edi. Hasad qilmang. Puli to’langan.
Bir akani taniyman. Ochilish va katta bayramlarning ko’pi uning ishtirokisiz o’tmaydi. Xalq hurmat qiladi. Lekin o’z farzandi emas. Balki otasining shubha aralashgan biznes sabab. Balki mediada mashhur otaning aslida kimligini bilgani sabab. Chiroyli gaplar bilan minglab odamlarni hayron qoldirish mumkin. Bir tom ostidagilarni emas. Media odami bo’lish tekin emas. Oila a’zolarida har bir gapni hayotimiz bilan solishtirish imkoni paydo bo’ladi. Mashhurlarga hasad qilmang. Puli to’langan.
Muallif o’ziga hasad qilishga yo’l qo’ymaslikka harakat qiladi. Birorta sayohati yoki xaridini ko’rsatmaydi. Topadigan puli haqida mediada jar solmaydi. Yagona istisno Parallel Muhit loyihasi. Obunachi soni ko’rinib turadi. Daromadni hisoblash kalkulyator ham talab qilmaydi. Haftada ikkita insho uchun kimgadir shu pullar ko’pdek ko’rinishi mumkin. Muallif muhitdagilarning hasadiga sabab bo'lishni xohlamaydi. Shuning uchun ham quyidagi qismni qo'shib ketishni to'g'ri deb biladi:
Muallif mana shu misralarni yozar ekan, soatga qarab qo’ydi. Yarim kechga yaqinlashyapti. Bugungisi kabi har bir insho biror narsaning evaziga yozilgan. Borilmagan suhbatlar. Ishdan keyin ishlashga topilgan kuchlar. O’qilmagan kitoblar. Yaqinlarga ajratilmagan damlar. Ijod tugashini kutib, uxlab qolgan bolakaylar. Nima ham derdik. Bu dunyoda bepul narsaning o’zi bo’lmaydi. Hasad qilmang. Puli to’langan.