*16.10.2025* Y bo'lishi uchun X kerak degani, aynan X ning o'zi yetarli bo'ladi degani emas. Ko'pchilik shu tushunchalarni adashtirib qo'yadi. Ya'ni, boks tushish uchun ikkita qo'limiz bo'lishi kerak. Qo'lsiz iloji yo'q. Shu vaqtning o'zida ikkita qo'limiz borligi bizni chempion ham, bokschi ham qilmaydi. Osh tayyorlash uchun guruch kerak, lekin guruchning o'zi yetarli bo'lmaydi. Bir masalliqsiz ish bitmaydi degani, faqat o'sha masalliqning o'zi bilan bitadi degani emas. Muallif blog yuritish davrida Ilyahovning "Yoz, qisqartir" kitobini o'qigan edi. Ba'zilar uni ko'rib qoldi shekilli, o'sha kitobni o'qib, qo'llasa, yaxshi blog chiqadi deb o'yladi. Boshqalarga ham maslahat bera boshlashdi. Ilyahovning kitobi kopirayting haqida edi. Ya'ni, yozish va matn san'ati. Blog yuritaman degan odam shu sohadan ham xabardor bo'lgani yaxshi. Lekin yetarli emas. Blog muallifi qiziq kuzatuvlar topishi, noyob voqealarni bilishi, kim uchun yozayotganini tushunishi, samimiy bo'lishi ham kerak. Shunda yaxshi blog bo'lish ehtimoli oshadi. Shunga o'xshash xatoni "Qo'shnim millioner" kitobi mualliflari ham amalga oshirishgan edi. Ular millionerlarni kuzatib, deyarli hammasi yoshi katta, ajrashmagan, kam xarajat qiladigan odamlar ekanligini ko'rishgan edi. Kitobxon bundan noto'g'ri xulosa olishi tabiiy. O'n yil oldin menda bo'lgani kabi. Jamiyatda yoshi katta, ajrashmagan, kam xarajat qiladigan oilalar ko'p. Ular hammasi ham millioner bo'lib ketmaydi. Keling, boshqa yo'nalishlardagi mana shu xatolarni to'g'rilab ketsak: ### Ta'lim. Yildan-yilga ko'proq yoshlarimiz dunyoning zo'r universitetlariga kirishyapti. Bir qarasangiz Garvard, keyin Yale, Stanford. Chiqib intervyular berishyapti. Eng zo'r universitetlarga kirish sirlarini gapirib berishyapti. Bir paytlar IELTS kulti bo'lgani kabi, endi top universitet "kulti" (cult) kirib kelyapti. Ota-onalar va o'quvchilar bilan gaplashsangiz, ko'pida bir narsani kuzatasiz, ana shu joyga kirib olsa, "hammasi zo'r bo'lib ketadi" deb o'ylashadi. ***Universitetda o'qish katta muvaffaqiyat uchun kerak. Lekin yetarli emas.*** Universitetga kirib olish ishimiz bitganini bildirmaydi. Ishimiz boshlanganini bildiradi. Top universitetlarga kirish poygasi bizdan 30 yil oldin boshlangan Qozog'istonga qaraylik. IMO g'olibi bo'lgan Arman Sulaymonov top universitetlarga olib kiradigan maslahatchidan [so'rayapti](https://youtu.be/2sPh_Hex39A?t=224): *-Minglab o'quvchilarmiz 30 yildan beri dunyoning eng zo'r o'qishlariga kirishyapti. Ancha oldin bitirib olishdi. Ba'zilar Amerikada qoldi. Ba'zilari qaytib keldi. Nega ularni maydonda ko'rmayapmiz? Katta bizneslar boshlashmayapti. Yurtimizda katta o'zgarishlar qilishmayapti. Eng katta ish qilayotganlar o'zimizni bitirganlar. Qani bitiruvchilarimiz?* *-Biznikilar odatda begona yurtda o'qiganda tadbirlar, yig'ilishlar, tanish orttirishga e'tibor berishmaydi. O'qishning o'zi yetarli deb o'ylashadi. Natijada, bitirgandan keyin birinchi qadamlari qiyin bo'lib ketadi. Birinchi qadami qiyin bo'lganlardan esa katta natijalar kutish qiyin.* Ya'ni, top universitetdagi ta'lim kerak, lekin u yerda orttirilgan tanishlar yanada kerakroq. Shu joyda bir lirik chekinish qilsak. Muallif o'zi ham yetti yil talaba bo'lgan. "Axir topshirganlarning 93% tashqarida qolib ketdi! Biz ichkaridamiz. Eson-omon bitirib olsak, uyog'i hammasi tekis ketadi." deb o'ylaganlar ancha edi. Abituriyent davridek o'qishmadi. Yangi tillar, ko'nikmalar ortidan quvishmadi. O'tgan galgi [[Bolalarni Al-Maktum tuzog'idan qanday saqlab qolamiz?|inshomizda]] gaplashganimiz kabi ular o'z somonxonalarini topishdi. O'zlarini qiynashni to'xtatib qo'yishdi. Bitirgandan keyingi natijalari ham o'shanga yarasha bo'ldi. Biz ham o'quvchilarni top universitetlarga tayyorlaymiz. Faqat buni muvaffaqiyat yo'li sifatida ta'riflamaymiz. Tushuntirayotganda esa bitiruvchilarimizga mana bunday deyman: *Qarang, siz o'rganmoqchi bo'lgan ilm bizda bo'lmasa, chetga borib o'qishga arziydi. O'zbekistondan chiqqandan keyin tabiiy-ki, O'zbekistondan yaxshiroq ta'lim xohlaysiz. Demak, yaxshi universitetlarga kirishni reja qilasiz. Yaxshi universitetlar esa biz uchun qimmat. Demak, bizga grant(stipendiya) kerak bo'ladi. Grantni esa eng ko'p top universitetlar beradi. Eng zo'r universitetlarga kira olsangiz, ham yaxshiroq ta'lim olasiz, ham ota-onangiz pulini tejab berasiz.* *Universitetning o'zinigina oxirgi maqsad qilgansiz, hayotdagi eng katta yutug'ingiz faqat o'sha bo'lib qolib [ketadi](https://x.com/nathan_e_hill/status/1978570828771176741).* (Bu joyini o'quvchilarga aytmagan edim, hozir ilhom kelib qo'shib ketdim.) ### Biznes Loyihada ko'p marotaba biznes boshlash haqida yozdik. Deyarli hammasida risk olmasdan biznes bo'lmasligi aytildi. ***Risksiz biznes bo'lmaydi to'g'ri, lekin muvaffaqiyatli biznes uchun risk olishning o'zi kamlik qiladi***. Sohani tushunish, uzoq yillik tajriba, bozor va tayyor jamoa bo'lsagina, biznes uchun yetarli omillar yig'ilgan bo'ladi. Mashhur tadbirkorlar intervyusini ko'rsak, hayot hikoyalarini eshitsak, ba'zan hamma narsalarini bitta loyiha uchun tikib yuborganlik hikoyalari chiqib qoladi. Muallif ana shu hikoyalarga ishonib kasod bo'lganlarni yetarlicha taniydi. Ularning bittasi bilan suhbat hali ham esimda turibdi: *-Zarur bo'lmagan kengayish uchun, millionlab dollar qarzga kirishning nima keragi bor?* *-Nimasi yomon?* *-Axir bu o'ylanmagan risk-ku! Birorta noxush voqea bilan hammasi teskari ketib qolishi mumkin.* *-Mana shunday o'ylanmagan risk odamni boy qiladi. Boshqa iloji yo'q.* Yuqorida bu odam oxiri kasodlik bilan tugaganini aytdim-ku, to'g'rimi? Katta yutuq uchun katta risk kerakligi to'g'ri. *Katta mag'lubiyat va kasod uchun ham aynan katta risk kerak bo'ladi.* Shuning uchun ham muallif faqatgina mutaxassislik yo'lidan borilgan biznes haqida yozadi. Bu sekin yo'l bo'lishi mumkin, to'g'ri. Shu bilan birga ishonchli yo'l ham bo'ladi. Muallif Amerikadagi amishlar hayotidan bir-bir xabar olib turadi. Oxirgi videolarining birida ajoyib statistikani ko'rib qoldi. Amishlar biznes boshlashsa, o'xshab ketish ehtimoli 90% [ekan](https://youtu.be/URprZKBJa9g?t=91). Biznesning o'xshab ketishlik foizi butun dunyoda 10% dan oshmaydi. Qanday qilib amishlarda to'qqiz barobar yuqori natija? Javob boshqa bir hujjatli filmda [aytilgan](https://youtu.be/B9He5DVePvk?t=1751) – ular faqat yaxshi tushunadigan yo'nalishlarida (do'st va oilalari bilan) biznes boshlashar ekan. ### O'zgarish Bilganlarimizga amal qilishni boshlasak, o'zgara boshlaymiz. Qachon amal qilishimiz haqida gaplashgan [[7. Qachon amal qilishni boshlaymiz|edik]] – majbur bo'lishimiz kerak. Faqat o'sha payti gaplashmagan qismimiz bor edi. Biz yodimizda bo'lgan narsagagina amal qila olamiz. Bir narsa yodimizda qolishi uchun esa, o'qishimizning o'zi yetarli bo'lmaydi, qayta-qayta o'qishimiz ham kerak. ***Shuning uchun ham kitob o'qish odamni o'zgartiradi, faqat kitob o'qishning o'zigina o'zgartirmaydi.*** O'zgarishni xohlasak, o'qigandan keyin uni xotiraga muhrlashimiz va majbur qiladigan kuchni ham topishimiz ham kerak bo'ladi. ### Turmush qurish Muallifning yonida bo'ydoqlar ko'payib qoldi. Oxirgi telegram postlarimizdan biri ham ularga bag'ishlanib yozilgan [edi](https://t.me/azizrakhimov_blog/857): ![[Screenshot 2025-10-16 at 21.51.06.png]] Kuzatuvim aytayaptiki, yoshlarning ko'pi asosiy o'ringa yoqtirishni qo'yishyapti. ***Yoqish kerakli omil, lekin yetarli emas***. Masalan, ruslarda deyarli 50% turmushlar muhabbat ustiga [quriladi](https://wciom.com/press-release/family-and-marriage-in-russia-in-the-21st-century). Deyarli hammasi o'zi *istagan* odam bilan yashashadi. Shunda ham oxir-oqibat 10 tadan 7 ta oilalar ajrashib [ketadi](https://mb.cision.com/Main/20322/3747396/1969923.pdf). Anna Kareninada Tolstoy mashhur so'zlarini yozgandi - baxtli oilalarning hammasi bir xil. Baxtsizlari esa turli sabablar bilan baxtsiz. Tolstoy oila baxtli bo'lishi uchun bir-biriga yoqishdan tashqari, juftlar asosiy masalalarda bir xil fikrlashlari zarurligini nazarda tutadi. Eng baxtli oilalarni kuzatsak, ular muhim masalalarda bir xil fikrlashlarini ko'ramiz. Mana shu bir xillik oxiri muhabbatga olib borishini ko'ramiz. Pul, kelajak rejalar, farzand tarbiyasi, oila a'zolar, din, yashaydigan makon. Shularning birortasida kelisha olmaslik esa oilada doimiy stress olib keladi. ### Podkast Oldinlari o'zbek tilida yaxshi podkastlar chiqmas edi. Endi esa chiqqanlarni ko'rishga vaqt yetmay qoldi. Podkast olayotganlar baribir to'xtamasalar kerak. O'rtacha ko'rsatuvlar ko'payishda davom etsa kerak. Chunki ijodkorlar "bema'ni videodan ko'ra, bizning podkastni ko'rishgani yaxshi" deb o'ylab, davom etaverishadi. Gap shundaki, foydali podkast ko'radiganlar, konsert va podkast orasida tanlov qilishmaydi. #1 va #2 raqamli podkast o'rtasida tanlov qilishadi. Yaxshi podkast chiqishi uchun yaxshi mikrofon, kamera va studiya kerak. Lekin yetarli emas. Suhbatdoshning tayyorgarligi, oldin gaplashilmagan mavzular, ishtirokchilarning teng bo'lishi ham kerak. Qolganlari haqida qisqa yozib ketaman: Tiniq fikrlaydiganlar hammasi tiniq yoza oladi. Lekin tiniq fikrlash uchun bu yetarli emas. (Keng dunyoqarash, hissiy ozodlik ham kerak.) Millionerlar hammasi qattiq ishlaydi. Lekin millioner bo'lish uchun qattiq ishlash yetarli emas. Sport bilan shug'ullanadiganlar sog'lom hayot kechirishadi. Lekin sog'lomlik uchun sport yetarli emas. Olimlar hammasi ko'p kitob o'qishgan. Lekin olim bo'lish uchun ko'p kitob o'qish yetarli emas. Gaplashgan mavzumizni Sampling bias deb ham aytishadi. O'zbekchada tanlovdagi adashishlik. Ba'zi savdogarlar bu mavzuni shunchalik muhim deb o'ylaydiki, maktablarda alifbodan oldin o'tilishini [xohlashadi](https://t.me/paramdata/126).