*4.06.2026* Bir necha hikmat egalari ko'p takrorlaydigan gap bor: yosh boladan chiqayotgan hikmat haqiqiy bo'lmaydi. Sababini endi tushungandekman. Chunki yosh bolaning bolasi bo'lmaydi. Otalik odamga hech qaysi kitob, hech qaysi sayohat va ish o'rgata olmaydigan darslarni o'rgatadi. O'rganmayman deganning ham miyasiga mixdek qoqadi. Balki otalik o'rgatgan darslarni yozishga muallif hali yoshlik qilar. Bu tajriba haqida yozish uchun otalik yo'lining butun yigirma yilini bosib o'tish kerakdir. O'sha payt ham yozarmiz, nasib qilsa. Bugungi inshomiz otalikning ilk besh yilligi o'rgatadigan darslar haqida bo'ladi. Bu darslarni otalarning aksari tushunib yetadi. Shunchaki hammasi ham tushunib yetganlarni matn ko'rinishiga keltirmaydi. Onalik ham ko'p darslar beradi. Bunga shubham yo'q. Muallifga ular qorong'u bo'lgani uchun ham bu mavzu haqida yozishni onalarga qoldiradi. Otalik vatanparvarlikni o'rgatadi. Chunki vatan bu farzandlaringiz katta bo'ladigan joy. Balki shuning uchun ham odam bir joydan uylansa, o'sha yerda musofir bo'lmay qoladi. Yigit farzandli bo'lganidan keyin ko'chalarga farzandim yuradigan ko'cha deb qaraydi. Yurtga farzandim yashaydigan makon deb qaraydi. Havoga bolalarim nafas oladigan havo deb qaraydi. Farzandi bo'lmagan yigit vatan tushunchasini oxirigacha his qilmaydi. Tartibsizliklardan qo'rqmaydi. Shuning uchun ham ko'p josusik tashkilotlari diqqatini yoshlarga qaratadi. Rus imperiyasidagi oktyabr revolutsiyasi, Tunisdagi Arab bahori, Usmonli Imperiyasidagi ittihat va terekki harakati, shu kunlarda tugagan Nepaldagi davlat to'ntarishi va tarixdagi boshqa qo'zg'olonlar bo'ydoqlar, farzandi bo'lmagan o'spirinlar tomonidan amalga oshirilgan. Otalik ko'p narsani mohiyati bilan tushunmasligimizni o'rgatadi. Besh yoshgacha bolalar tinmay savol beradi. Jamiyat nazdida savol berish mumkin bo'lmagan mavzularda ham savol beradi. Javobi yo'q bo'lgan savollarni ham beradi. Bolalarga atamani aytib qutila olmaymiz. Oxirigacha so'raydi. *–Yomg'ir nega yog'adi?* *-Bulutlarda suv ko'payib ketganidan keyin ko'tara olmay tashlab yuboradi.* *-Bulutlarga suv qayerdan keladi?* *-Kondensatsiya.* *-Nima u, konsesiya?* Shuning uchun ham Feynman besh yoshli bolaga tushuntira olmaydigan narsamizni tushunmaymiz deydi. Loyihamizda Jurnalist Jhonny Harrisni bir necha marta eslagan edik. Shu jurnalist farzandlariga Nasroniylikning Mormonism firqasini tushuntirib bera olmaslikdan qo'rqib ham, sektani tark etgan [edi](https://www.youtube.com/watch?v=aTMsfOcHiJg). Otalik fidokorlikni o'rgatadi. Aksar odamlar farzandli bo'lmagunicha boshqalarni o'zidan ko'ra ko'proq yaxshi ko'rish mumkinligini tasavvur qilishi qiyin bo'ladi. Otalik buni oson o'rgatadi. Erkak kishining o'ziga ko'p pul kerak emas. Bitta kompyuter, bitta matras, ikki quti to'la rollton bilan ham yillab yashashi mumkin. [Yaponiya](https://en.wikipedia.org/wiki/Net_café_refugee), [Xitoyda](https://en.wikipedia.org/wiki/Tang_ping) o'n minglab yigitlar shunday yashayapti axir. Farzandli erkakda esa birdaniga ko'proq pul ishlash xohishi paydo bo'ladi. Balki shuning uchun ham farzand ko'rganlarning ishi yurishib ketadi. Baraka ishtiyoq ko'rinishida ham keladi. Otalik vaqt cheklanganini o'rgatadi. Bo'ydoqning kechki vaqti o'ziniki. Kuniga to'rt soatdan ajratsa, yiliga bitta til o'rganishga yetadigan (ming soat) vaqt ortib qoladi. Otani esa farzandlari 18 yoshlik yigitlarni *военкомат* (harbiy bo'lim) chaqirgandek, astoydil chaqirib turadi. *-Biz bilan o'ynang* *-Ishlarim bor* *-Ishlamang* *-Ishlamasam, qanday boqaman?* *-Boqmang, o'ynang.* Farzandlar otalar berayotgan moddiy narsalarni baholay olmaydi. Ular uchun pul va iqtisod tushunchasi begona. Ular tushunadigna yagona valyuta bu vaqt. Qancha vaqtimiz bo'lsa ham qora tuynukdek yutib yubora olishadi. Shuning uchun ham puldor qatlam bilan ko'p vaqt o'tkazgan K. Kelly bizlarga quyidagi maslahatni [beradi](https://t.me/paramdata/243): *Bolalaringizga o'zingiz o'ylagandan ko'ra ikki barobar kamroq pul va ikki barobar ko'proq vaqt ajrating.* Shuning uchun ham Pol Grem *"Farzandli bo'lgandan keyin vaqtingiz kamayadi. Vaqtingiz kamaygandan keyin esa jiddiyroq(qiyinroq) ishlar bilan shug'ullaning"* [deydi](https://t.me/paramdata/244). Uning o'zi ham farzandli bo'lganidan keyin ancha ishlarga vaqti yetmay qolgan edi. O'rtacha o'zbek kabi uchta farzanddan keyin emas. O'rtacha xitoylik kabi bitta farzanddan keyin. Yuqoridagilarni hisobga olib o'quvchilarimiz bilan qisqa kuzatuvni bo'lisha olamiz. Farzandi yo'qlarning taym-menejment bo'yicha maslahatlari olinmaydi. Farzandsiz holatda ishlarga ulgirish fazilat emas. Ulgurmaslik uyat. Otalik taslimiyatni o'rgatadi. Ya'ni, ota bo'lgach, bizga ko'p ham narsa bog'liq emasligini his qilamiz. Buni tushuntirish uchun bitta latifani taklif qilishga ruxsat berasiz: *Ikkinchi sinf o'g'il maktabdan qaytib keldi. Otasi kundalikni so'radi. Ikki bahoni ko'rib, o'g'lini chaqirdi:* *-O'g'lim bu nima?* *-Nimani aytyapsiz?* *-Ikki bahoni aytyapman. Qani menga tushuntir. Nega bunday bo'ldi?* *-Dada siz menga tushuntiring. Nega bunday bo'ldi? Sizdan o'tgan genlar sabablimi yoki siz bergan tarbiya?* O'zimizning irsiyat va o'zimiz bergan tarbiya orqali bir yangi odam shakllanadi. Ta'sirimizning eng kattasi farzandimizga bo'ladi. Uni o'zimiz xohlagandek odam qilib chiqara olamiz deb o'ylaymiz. Yillar o'tgani sari bu g'oyamiz quyoshda qolib ketgan muzqaymoq kabi eriy boshlashini ko'ramiz. Farzandimiz irsiyat va tarbiyani bizdan olgan bo'lsa ham, u alohida mustaqil inson. O'zining xohishlari, dunyoqarashi bo'ladi. Doim ham bolalarimizni o'z qolipimizga sola olmaymiz. Abdulloh ibn Muborak Fuzayl ibn Iyoz haqida aytgandilar: Fuzaylga qarasam o'zimni yomon ko'rib ketaman. Ibn Iyozning yuzlarida yig'layverganlaridan ariqcha hosil bo'lib qolgan edi. Shu zotning o'g'illari Ali (ibn Fuzayl) odamlarga ozor berar edi. Otasiga o'xshamagan edi. Oxiri Hazrat Fuzayl Xudoga nolidilar: *Men bu bolani tarbiya qilmoqchi bo'ldim. Tarbiya qila olmadim. O'zing tarbiya qilib ber.* Ertasiga o'g'illari bomdodga masjidga chiqdi. Otalik amallar beton kabi og'ir, so'zlarning o'zi esa shar kabi yengil ekanligini o'rgatadi. Bolalarga qancha gapirmaylik qilayotganimizga ko'proq ahamiyat beradi. Kola ichib turib, *"ichma"* desak, ikkiyuzlamachilikni o'rgatyapmiz, shirin suvdan voz kechishni emas. Yolg'on gapirib turib, bizni aldaganiga urushib bersak, yolg'on gapirmaslikni o'rgatmadik. **Bizni** aldash kerak emasligi, boshqalarni mumkinligi, ya'ni adolatsizlikni o'rgatdik. Amallarimizni bolalarimizda takror bo'layotganini ko'rar ekanmiz, o'zimizga oyna tutilgandek bo'ladi. Shuncha yildan beri to'xtay olmagan ishlarimizdan to'xtashga kuch paydo bo'ladi. Dostoyevskiy aytgandi. O'ttizgacha odatlarni quramiz, keyin ular bizni quradi. O'ttiz yoshgacha asosiy zararli odatlaridan qutulish uchun ham 25 besh yoshlarda ota bo'lishimiz kerak ekan. Nassim Talebning otasi qomusiy shifokor edi. Otasi bilan suhbatlarda minglab narsa o'rgangan edi. Shunda ham o'rgangan eng katta narsasi deb jasoratni [aytadi](https://t.me/paramdata/245). Gap orqali emas. Otasining jasorat qilganini yosh bola paytida ko'zlari bilan ko'rdi. Otalik munosib farzand bo'lishni o'rgatadi. Farzandimizga berayotgan mehrimiz, olayotgan xavotirlarimiz va sarflayotgan vaqtimizga qaraymiz. Katta qismini sezmasligini bilib turamiz. Tafakkur qilib ko'rgan kishiki biladi. O'zining otasi ham unga shunday yondashgan. Ota-onasiga muhabbati oshadi. Xizmatini ko'paytiradi. Yana uzoqroq tafakkur qilgan bobosining ham xizmatlarini ko'radi. Keyin ajdodlarining xizmatlari. Farzandli bo'lgan odamda, oldingilarga hurmati oshadi. Balki shuning uchun ham Konfutsiy komil jamiyat a'zolari komil farzandlardan yetishib chiqadi deb hisoblagan edi. Davlat boshqaruviga ham ota-onasiga xizmat qilayotgan, ularning aytganlaridan chiqmayotgan, xatolarini yashirayotgan va ajdodlarni e'zozlayotgan farzandlarni qo'yish kerak deb hisoblar edi. Xan imperiyasining ba'zi amirlari ajdodlarni hurmat qilmay qo'ygan farzandlarni xivchin bilan savalar edi.